Студенческое творчество
USTOZIM
Nega endi otamizdek
Buyuk deymiz ustozni?
Yoki nega onamizdek
Ulug' deymiz ustozni?
Chunki ular bilim berib,
Sira holdan toyishmas,
Mehri daryo ekanlikda,
Ota-onadan qolishmas.
Hurmati tog'dek azim
Suyanchig'im ustozim,
Sizga qilaman ta'zim
Suyukligim ustozim.
Tabrikni qabul qiling
Fakultetni nomidan,
Tilagim sira chiqmang
Shod-hurramlik konidan.
NAVOIY BOBOM
O'tib boraverar umr karvoni,
Ortda qolar oylar, yillar da'voni,
Lekin yodimizda har lahza har on
Yashaydi doimo Navoiy bobom.
Umr abadiymas tugashi mumkin,
Baquvvat daraxt ham qulashi mumkin.
Buyuklarning nomi o'chmas hech qachon
Yashaydi doimo Navoiy bobom.
Meros bo'lib qolgan buyuk asarlar,
Eslanadi hamon go'zal g'azallar.
Yozgan she'rlarida bo'lib namoyon
Yashaydi doimo Navoiy bobom.
O'zbek tiliga asos soldilar,
Tarix kitobida mangu qoldilar,
Avlodlari uchun bo'lib qadrdon
Yashaydi doimo Navoiy bobom.
DUOGO‘YLARIM
Qayg‘u so‘zi begona menga,
Hamroh bo‘lsa onam duosi.
Qo‘rquv hissi yaqin yo‘lolmas,
Panoh menga otam duosi.
Toki onam sog‘lik tilarkan,
Dardlar yaqin yo‘lay olmaydi.
Toki otam duo qilarkan,
Meni aslo yengib bo‘lmaydi.
Ota-onam borlig‘im mening,
Mehri daryo duogo‘ylarim.
Eng qadrli boyligim mening,
Oltinimu Javohirlarim.
Duosida sehr mujassam,
Otajonim bo‘ling sog‘-omon,
So‘zlarida mehr mujassam,
Onajonim bor bo‘ling har on!
IShON
Vatan bag‘ringda o‘sdik, quvondik,
Tinch baxtiyor yurdik, senga ishondik.
Mana kuchga to‘ldik, bo‘ldik mard o‘g‘lon,
Endi vaqti keldi, sen bizga ishon!
Vatan asragaymiz hududimizni,
Fido qilib bo‘lsa ham vujudimizni,
Bugun har askaring bo‘lgan paxlavon
Endi vaqti keldi, sen bizga ishon!
Vatan ozodasan, vatan go‘zalsan,
O‘zing betakrorsan, o‘zing bittasan,
Doimo asraymiz obod, saramjon
Endi vaqti keldi, sen bizga ishon!
Vatan sarhadingda bo‘lamiz qalqon.
Qolgunicha tanada so‘nggi tomchi qon.
G‘animlar o‘qiga bo‘lmaysan nishon
Endi vaqti keldi, sen bizga ishon!
Vatan bizlar uchun bo‘lgansan tirgak,
Hozir biz turibmiz ziyrak va sergak,
G‘araz niyatlilar bo‘lar pushaymon
Endi vaqti keldi, sen bizga ishon!
Vatan oqlagaymiz xalq ishonchini,
Vatan saqlagaymiz yurt quvonchini.
Xizmatingga tayyor turibmiz har on
Endi vaqti keldi, sen bizga ishon!
Onajonim dunyodagi eng ulug‘ inson!
Onajonim dunyodagi eng ulug‘ inson!
Hatto topib bo‘lmas biror bir nuqson,
Doimo baxtimga bo‘lsinlar omon,
Onajonim dunyodagi eng ulug‘ inson!
Mehrlari cheksiz bolalariga,
Dunyolar teng emas soch tolalarga,
Ushbu she’r o‘zbekning onalariga
Onajonim dunyodagi eng ulug‘ inson!
Men bilan yuz bersa biron bir korhol,
Yuraklari sezan bu holni darhol.
Mening so‘zlarimga dunyo quloq sol,
Onajonim dunyodagi eng ulug‘ inson!
Doim duo qilar farzandlarini,
Ardoqlab asraydi dilbandlarini.
Onamga atadim she’r bandlarini
Onajonim dunyodagi eng ulug‘ inson!
Onajonim meni Nafisaxondir,
Aytgan har so‘zlari hikmatga kondir.
Mehribon, saramjon, shirin zabondir
Onajonim dunyodagi eng ulug‘ inson!
Ona mo‘tabardir ona muqaddas,
Jahonda hech narsa o‘rnin bosolmas,
Onangni yig‘latma nokas-yaramas
Ona dunyodagi eng ulug‘ inson!
Onajon bayramiz muborak bo‘lsin,
Onajon ko‘zlariz quvonchga to‘lsin
Birgina tilagim onam sog‘ bo‘lsin
Onajonim dunyodagi eng ulug‘ inson!
KO‘KLAM KELDI DO‘STLAR YANA
Gullar fasli bahor keldi,
Uyg‘onadi tabiat yana.
Lazzat baxsh bir shamol yeldi,
Nafis fasl keldi yana.
Osmonimda quyosh porlar,
Zarrin nurin sochib yana.
Atrof go‘zal bo‘lib ketar,
Varrak sayli keldi yana.
Ayyom keldi bahor bilan,
Dillar yayrar endi yana.
Iliqligu soflik bilan,
Lazzat fasli keldi yana.
Navro‘z kelar tez orada,
Olam yangilanar yana.
Zamin uzra hush kayfiyat,
Arimaydi endi yana.
Sumalaklar ko‘k somsalar,
Tayyorlanar endi yana.
Halimga to‘ldi kosalar,
Ko‘klam keldi do‘stlar yana
Bobo dexqon bog‘ga chiqib,
Asta nihol ekar yana.
Yalpizlar ham bo‘y ko‘tarib,
Rohatlaydi dilni yana.
Atrof yashil tusga kirar,
Meni maftun etib yana.
Iforini har yon sochar,
Nastarinlar endi yana.
Gala gala qushlar qaytar,
Issiq o‘lkamizga yana.
Zavqu shavq bilan sayrashar,
Bahorni madh etib yana.
Ilhomlanib baland tog‘lar,
Lolalarga to‘lar yana.
Alvon rangga burkangancha,
Nafislik baxsh etar yana.
VATAN UCHUN
Tirik jonning unib o'sgan yurti bordir
Mard o'g'lonning yuragida o'ti bordir
Bu tuyg'uni tuyolganlar baxtiyordir
Vatan uchun keling do'stlar vatan uchun
Birdamlikda tinchlik uchun posbon bo'lib
O'zbek nomin ko'taraylik osmon qilib
Singdiraylik yuraklarga mahkam turib
Vatan uchun keling do'stlar vatan uchun
Har onimiz vatan uchun sarf etaylik
Maqsad bitta maqsad qildik biz yetaylik
O'z nomimiz zarxal qilib biz bitaylik
Vatan uchun keling do'stlar vatan uchun
Gul ekaylik bog' qilaylik bog'bon bo'lib
Yer chopaylik tanti bobo dehqon bo'lib
Shu el uchun shu yurt uchun qalqon bo'lib
Vatan uchun keling do'stlar vatan uchun
Mustaqillik toqi uzra qo'yib narvon
Yetakladi karvon ahlin buyuk sarbon
Sarbonimiz abad tursin bo'lsin omon
Vatan uchun keling do'stlar vatan uchun
ONA MUHABBATI
Soxta bo'lishi mumkin do'stning mehri ham
Sevdim degan yorning so'zlar sehri ham
Men angladim do'stlar kuzatib shu dam
Ona muhabbati soxta bo'lmaydi
Quyosh ham bir marom nurin sochmaydi
Oy ham oydin bo'lib yo'ling ochmaydi
Ranjitmagin uni yig'latma do'stim
Ona muhabbati soxta bo'lmaydi
Goh taqdir qilarkan onadan yiroq
Ovozin eshitib turibman biroq
Sog'indim onajon oz qoldi firoq
Ona muhabbati soxta bo'lmaydi
YIGIT QAYTMASIN EKAN
Yigitning o'z baxti qo'lida ekan,
Turtilgan, qoqilgan yo'lida ekan,
Tanlagan eng nafis gulida ekan,
Yigit qaytmasin ekan bosgan izidan.
Tog'-u tosh bog'-u rog' kezib piyoda,
Haq yo'ldan tonmasa bo'lgay ziyoda
Mehnat qilib obro' topar dunyoda
Yigit qaytmasin ekan bosgan izidan.
Otasi baxti ekan ona boyligi
Eng shirin dam ekan uning toyligi
Xulqi go'zalligi nutqi chiroyligi
Yigit qaytmasin ekan bosgan izidan.
Omad kelib turar goho izma-iz
Omadsiz kunga ham kelar yuzma-yuz
Yaxshi kun ham kelar chidab yumsa ko'z
Yigit qaytmasin ekan bosgan izidan.
Yurt deb urib tursin yigit yuragi
Har joyda har kimga bo'lsin keragi
Shunday mard o'g'lonlar yurt kelajagi
Yigit qaytmasin ekan bosgan izidan.
NE QILDIK
Yosh avlodga barcha e'tibor,
Ne istasak barchasi bisyor.
O'ylang do'stlar takror va takror,
Vatan uchun ne qildik bizlar.
Bizlar uchun tinchlik poydevor,
Osmonimiz sofdir beg'ubor.
Nima oldik demaylik zinhor,
Vatan uchun ne qildik bizlar.
Yotib yesa tog' ham chidamas,
Uyg'onaylik bo'ldi yetar bas.
Jaranglasin tinmasdan shu sas,
Vatan uchun ne qildik bizlar.
Qo'lni qo'lga beraylik yoshlar,
Bir yoqadan chiqsin bu boshlar.
Vatan deya oqarsin sochlar,
Vatan uchun ne qildik bizlar.
ESLAMAY QO'YIBMAN
Bilmadim ne bo'ldi ahvoli
Sog'insam ham chidab yuribman
Tashvishlar o'rab to'rt tomonim
Onamni eslamay qo'yibman
Vaqt o'tar oradan bilinmay
Eslashga bir bora urunmay
Bir kunda bir bora ko'rinmay
Onamni eslamay qo'yibman
Ne bo'ldi menga ayt shoirim
Savollar ichida yuribman
Go'zallar oldimi hayolim
Onamni eslamay qo'yibman
Ko'zlari sog'inchdan mo'ltirar
Men bo'lsa bilmasdan yuribman
Mushtipar uyda jim o'ltirar
Onamni eslamay qo'yibman
Uyqu ham kelmaydi ko'zimga
Uyatdan qarolmay yuzimga
Savollar berdim men o'zimga
Onamni eslamay qo'yibman
MARD O'G'LONLAR
Vatan uchun qalqon bo'lar,
Ozodligin g'urur bilar,
Tinchin ko'rib ko'ngli to'lar,
O'zbekning mard o'g'lonlari.
Bir musht bo'lib tugulganlar,
Birikkanlar yugurganlar,
Yurtim deya tug'ilgan,
O'zbekning mard o'g'lonlari.
Qadam bosar salobatli,
Yuraklari matonatli,
Asli o'zi saxovatli,
O'zbekning mard o'g'lonlari.
Bir-biriga bo'lib tirgak,
Doim ogoh doim sergak,
Sizlar doim yurtga kerak,
O'zbekning mard o'g'lonlari.
YOR
Talpinasan, quchoq ochib, yorim deysan,
Ko'zlarimga termulasan borim deysan,
Men ham sarhusht, deyman takror orim deyman,
Sen meniki men seniki bo'laylik yor.
Bo'lishaylik dunyo g'amin kulgusini,
Ochib ko'ngil muhabbatning tuyg'usini,
Sirlashaylik qolmasin hech ko'ngil kini,
Sen meniki men seniki bo'laylik yor.
Layli majnun, farhod shirin bo'lmaylik xo'p,
Soxta oshiq bo'lganlar ham aslida ko'p,
Sevging haqqi yonimga kel, kel bitta o'p,
Sen meniki men seniki bo'laylik yor.
Muhabbatli bog' quraylik bog'bon bo'lib,
Gullab tursin unda gullar posbon bo'lib,
Iforiga mast bo'laylik to'yib-to'yib,
Sen meniki men seniki bo'laylik yor,
O'yin emas muhabbatning girdoblari,
Kuydiradi harorati oftoblari,
Sen bo'lsang bas oson erur menga bari,
Sen meniki men seniki bo'laylik yor.
ONAJON
Jon og'risa deymiz jon,
Topilganday sal imkon,
Tilga kelar goh shu on,
Oh onajon onajon.
Ona dardga davodir,
Suv erur, nur havodir,
Yoqimli bir navodir,
Oh onajon onajon.
Uzoq safarda yursak,
O'tirsak goh, goh tursak,
Qo'li duoda bilsak,
Oh onajon onajon.
O'yladingiz shuncha ko'p,
Endi navbat bizga xo'p,
Uzoq yashang, yashang ko'p
Oh onajon onajon.
Sog' bo'lsangiz biz ham sog',
Ko’nglimiz to'q, qalblar chog',
Baxtlimiz biz dillar tog',
Oh onajon onajon.
AKAJON
Hovlimizda bir xona bo'sh bir joy bo'sh,
Haligacha bo'lib qolsa deyman tush,
Volidamiz ko’zlarida mungli yosh,
O’rningizni bosolmayman akajon.
Sizni izlab topolmayman akajon,
Dardlarimga chidolmagay hech bir zot,
Butun olam eshitsa gar degay dod,
Yuragimdan chiqib kelar bu faryod,
O’rningizni bosolmayman akajon.
Sizni izlab topolmayman akajon.
Nega axir, nima gunoh, ayb nima
Jigarimni yer bag'riga berdima,
Gar bo'lsangiz men tayanchim derdima,
O’rningizni bosolmayman akajon.
Sizni izlab topolmayman akajon
Turtkilashib turar edik ertalab,
Yoningizda chopqillardim erkalab,
O'sha damlar qani endi vo ajab,
O’rningizni bosolmayman akajon.
Sizni izlab topolmayman akajon.
YANGI YIL
Bayramlar shoxi bu, bayramlar shoxi,
Barchaning shundadir, shunda nigohi.
Intiqib kutamiz ulg'ayib gohi,
Azizlar, yangi yil muborak bo'lsin!
Ketadigan yilning ham o'z tarixi bor,
Kimga baxtlar kuldi, kimga omad yor.
Qutlaymiz chin dildan takror va takror,
Azizlar, yangi yil muborak bo'lsin!
Yurak zarbasidek bongin kutamiz,
Tilak bildiramiz qo'ldan tutamiz,
Yangi orzularga albat yetamiz,
Azizlar, yangi yil muborak bo'lsin!
Kimning oltin davri shunda mujassam,
Shirin xotira bor eski yilda ham.
Kelinglar, kutamiz birga bo'lib jam,
Azizlar, yangi yil muborak bo'lsin!!!
INSON INSON BILAN
Vaqtlar ketib boradi umr o'tadi
Dunyo emas do’stlar inson g'animat
Hamma bir-biridan mehr kutadi
Inson inson bilan tirik do'stlarim
Barchaning o'z dardi o'z tashvishi bor
Tashvish ish tugamas butun olamda
Yolg'izlik bir faqat ollohgadir yor
Inson inson bilan tirik do'stlarim
Juftsiz bo'lmas inson bo'lmaydi do'stsiz
Topilmas dunyoda bir kamu ko'stsiz
Ketmasligi uchun hayotdan izsiz
Inson inson bilan tirik do'stlarim
KO'RMASAM BO'LMAS
Yuragimda alanga yonib borar bu tanam,
Qo'rqar edim sevishdan sevib qoldim yo manam.
O'g'irladi hayolim bir qarashda ul sanam,
Bir kunda bir ko'rmasam devonaman endi man.
Bilmas edim sevgini tushmagandim bu holga,
Ko'zim tushsa ko'ziga aylanar tilim lolga.
Mast bo'laman ishqida suyanib majnuntolga,
Bir kunda bir ko'rmasam devonaman endi man.
Qalam qoshi kamalak boqib turar gul malak,
Sevgimga guvoh erur men bilan faqat falak.
Yonimga kel gul tutay qo'ngin bo'lib kapalak,
Bir kunda bir ko'rmasam devonaman endi man.
Uni o'ylab tunlari shirin tushlar ko'raman,
Tushim o'ylab kunlari baxtli bo'lib yuraman.
Ertaga gar ko'rmasam bo'lganimcha bo'laman,
Bir kunda bir ko'rmasam devonaman endi man.
HIJRON AZOBI
Aytmay deyman dardlarim senga,
Quloq solmas yuragim menga.
Takrorlaydi tinmay ismingni,
Tanladi-ku sening izmingni
Ko’nglimda sen, “Sen” deydi yurak,
Boshqa emas, faqat sen kerak.
Tushunolmay qoldim o’zimga,
Bir tarsaki tortdim yuzimga.
Yuzim og’rir, kuladi qalbim,
Der: “Og’irroq sendanda dardim”
Ko’nglim bilan urushib qoldim,
Bilmam endi men o’yga toldim.
Meniki-ku bu yurak axir,
Seni o’ylar chiqadi jaxl.
Kelar edi sevsa yonimga
Oro kirarmidi jonimga
Bilolmayman men hali halak
Yorim bo’larmikan ul malak
Balki uning sevgani bordir
Bo’lmasa ham ehtimol bor der
Har kun tunim shunday o’tmoqda
Kelgin gulim yurak kutmoqda
ONANI
Dunyo go’zal juda nurafshon
Borligining o’zi sharaf-shon
Har kun boring topib bir imkon
Bir kunda bir yo’qlang onani
Mayli yorni qadriga yeting
Opa-singil ko’nglin shod eting
Lek onanggiz siz aziz tuting
Bir kunda bir yo’qlang onani
O’rnin bosmas hech kimsa hech zot
Berilmagan umri umrbod
Deb qolmasdan oh ila faryod
Bir kunda bir yo’qlang onani
XOTIRA
Bir yoqda faryodla onam yig’laydi
Akamning ko’z yoshi qalbim tig’laydi
Har kun har zamon sizni qo’msaydi
Dunyo berganingni tortib oldingku
Otam bo’lsa dardin ichiga yutgan
Tunlari uxlamay bolam deb kutgan
Mening jon jigarim tobutda ketgan
Dunyo berganingni tortib oldingku
Quchsam doim bag’rim to’libb turardi
Ukam deb jigarim kulib turardi
Endichi boshimga g’amlar quladi
Dunyo berganingni tortib oldingku
Quvonchim g’amlarga almashding dunyo
Ko’zimning yoshidan to’ldiku daryo
Ko’zimni ochsamu tush bo’lsa go’yo
Dunyo berganingni tortib oldingku
Ilk she’rlari 2014 -yilda mahalliy va respublika nashrlarida chop etilgan. Ilk she’riy to‘plami «Baxtim - shunda tug‘ilganim» 2017 y. Toshkent. «Tamaddun» nashriyoti.
Bag‘irlar qon bo‘ldi e voh, etmading ogoh mani,
Ne qasdki, dil ohidin etmading ozod mani.
Yor, ko‘ngil vasling izmida izningga mushtoq vale,
Sen bir imkon topdingg-u tashlading uzoq mani.
Ey, sanam, sensan jahonda dilrabolar dildavosi,
Boqdingu xusning yo‘lida aylading maddoh mani.
Kuz dedim ko‘ngil xazonu, uz dedim uzmas umid,
Dil uzilmas, jon hayotdin uzmasa nogoh mani.
Aylama hajring qurol, oshig‘ing ming qatl etib,
Jamoling jannatnamodir ayla bir guvoh mani.
Dilmurod Akbarov 23:44 31.10.2017
Bilasanmi har kuni tongda,
Uyg‘otadi meni bitta kuch.
Hayot qayta boshlanar onda,
Xislar toshqin, tuyg‘ularim zich.
Olam-olam zavq berar menga,
Yurak amri buyurgan burchim.
Men har tongda uyg‘ongum senga
«Xayrli tong» tilamoq uchun.
Kuni bilan erkalanaman,
Umrning ko‘p injiqligiga.
Boring uchun tahsin aytaman,
Muhabbatning, ishqning nomiga.
Sokin oqshom bo‘ladi mehmon,
Yurak amri qiynaydi tutib.
Men qachonki topaman orom,
Senga aytsam «Xayrli tun» deb.
Dilmurod Akbarov 28.03.2017 22:25
Asakaga kelin bo`ldi
Bir go'zalga berdim dilim,
Dunyo dilim qildi tilim.
Andijonda ungan gulim,
Asakaga bo'ldi kelin.
Qalbim qoldi so'rovlarda,
Yurak yondi olovlarda.
Nigohlarim qolib ketdi,
Alvido deb qarovlarda.
So'z demasdan sevgan edim,
Muhabbatim bergan edim.
Dunyodagi eng toza ishq,
Pinhona ishq degan edim.
Qo'llaridan tutolmadim,
Ko'chasidan ketolmadim.
Xazon bo'ldim shamollarda,
Dil bog'iga yetolmadim.
Ko'ngil senga ko'ngil qo'ydi,
Ko'ngil suydi, ko'ngil kuydi.
Husningga zor ko'zlarda nam,
Bor azobni ko'ngil tuydi.
Ortib borar g'ussam mani,
Buyuk sevgi, buyuk g'ami.
U ham mani sevar edi,
Bag'rim tilar alam mani,
Jonim qoldi o'shal jonda,
Oshig'i ko'p shu janonda.
Asakaga jonim ketib,
Tanam qoldi Andijonda.
Bir mendamasku bu armon,
Muhabbat manzilsiz karvon.
Ilk sevgiga ilk ayriliq,
Ishq ahliga azal farmon.
Dunyo dema ko'nglim endi,
Savdosiga ko'ngum endi.
Jonga jafo bu yurakni,
Qafaslarga qo'ygum endi.
Dilmurod Akbarov.
Osmoning musaffo, pokdir zamining.
Dunyo minbarida bayrog'ing baland.
Azaldan quyoshdek porloq toleing.
Shuhrating dunyoda doston sarbaland.
Qadr-qimmatimsan, shavkatim shonim,
G'urur iftixorim O'zbekistonim.
Bobolar ko'targan qadimiy tug'ro.
Jahon sahnasida hilpirar mag'rur.
Baxting abadiydur boshingda Humo.
Zafar quchmoqdasan parvozing g'urur.
Qadr-qimmatimsan, ajdodim, qonim,
G'urur iftixorim O'zbekistonim.
Allohning nazari tushgan diyorsan.
Sahovatli xalqim azal mehribon.
Dardlarga darmonsan, baxtlarga yorsan.
Tinchlik namunasi yurtim jonajon.
Qadr-qimmatimsan, baxtlarga konim,
G'urur iftixorim O'zbekistonim.
Asl mo'min xalqim tanti, mardona.
Osmon qadar xirmon tiklab charchamas.
Yurtga sadoqati mangu afsona.
Jonidan kechsa ham Yurtdan ajramas.
Qadr-qimmatimsan, jonim iymonim,
G'urur iftixorim O'zbekistonim.
Samarqand, Buxoro, Xiva, Kesh, Qo'qon.
Qadimiy, navqiron shaharlar shahri.
Toshkent, Navoiy, Jizzax, Andijon.
Tillardan tillarga afsona madhi.
Qadr-qimmatimsan, dunyo jahonim,
G'urur iftixorim O'zbekistonim.
Kimga orzu edi bunday zamonlar.
Kimlar kurashmadi bu kunlar uchun.
Nurli kelajakka oshding davonlar.
Butun dunyo bildi O'zbekning kuchin.
Qadr-qimmatimsan, qaytmas qanotim,
G'urur iftixorim O'zbekistonim.
GULLA YASHNAYVERGIN! Yurtim chamanim.
Nurli manzillarga yetgil beziyon.
Ozodsan, obodsan, aziz Vatanim.
Baxtim sen, tinchliging bo'lsin bardavom!.
Qadr-qimmatimsan, taqdirim, jonim,
G'urur iftixorim O'zbekistonim.
Tun yarmidan o'tib ham qoldi,
Katta shahar osuda va jim.
Yana ishqing oromim oldi,
Yana sevgim yo'qotdi tinchim.
Ruchka o'yga cho'mgandek qo'lda,
Termuladi o'z soyasiga.
Unga tazyiq o'tkazar lampa,
Go'yo qog'oz himoyasida.
Lekin meni qiynaydi bir kuch,
Qoralayman qog'ozning yuzin.
Ko'zyosh to'kar ruchkadagi uch,
Yoziladi dildagi so'zim.
Men ashaddiy, o'jar xudbinman.
O'zimni ko'p sevurman, illo,
Bu koinot, bu keng zamindan,
Sog'inchingni ko'rarman avlo.
Zero o'shal go'zal sog'inching,
Menga yashash zavqini berar.
Yurak olgan bu qadar kuchning,
Tarifini bermoq besamar.
Zero bunday dardli sog'inchdan,
Dil borligin sezadi vujud.
Va umidvor bitta ovunchdan,
Intiq bo'lar visolni kutib.
Xijron kuyin chala boshlaydi,
Dirijyorlik qiladi sog'inch.
Qiynar. Bilar haddim oshmaydi.
Ishqim kuchin biladi sog'inch.
Va bu hislar tug'yonida mast,
O'tkazaman yana bir tunni.
Muhabbatim oloviga qasd,
Sog'inch qalar unga o'tinni.
Ishqing tojim, sog'inching taxtdir.
Sevish omad, sog'inish baxtdir!
23.12.2015. 01:49. Dilmurod Akbarov
Dada.
Men yetti yot begonalarni,
Yo'qlashni xech qilmadim kanda.
Topib turli bahonalarni,
Yoningizda bo'lmadim Dada.
Ko'rsatmayin aslo yo'qchilik,
O'stirdingiz boshim egmadim.
Siz bir damlab ichgan o'tchalik,
Dada, sizga nafim tegmadi.
O'yin qildim dunyo ishini,
Kimlar bilan qilmadim savdo.
Ko'nglin oldim qancha kishini,
Dardingizga qilmadim parvo.
Siz chinordek qurib bordingiz,
Arslon kabi to'lib bordim men.
Keldi menga suyanmog'ingiz,
Sizga yog'och xassa oldim men.
Deb yurardim "otam baquvvat",
O'ylabmanda yashaysiz mangu.
Eh, davringiz ekan g'animat,
O'rningiz bo'sh, o'ylarim qayg'u.
Endi hasrat boshimda do'ppi,
Endi afsus choponim mening.
Mindingiz-u bir cho'bin otni,
Endi olis osmonim mening.
Parvozimdan kim quvonadi,
Gar yiqilsam kim bo'lar dalda?.
Nima qilay men bu olamni?.
Siz yonimda yo'qsizku Dada!
Bari endi yaxshi bo'lganda,
Siz yonimda yo'qsizku Dada...
Dilmurod Muhammad o'g'li. 20.12.2015
Fantaziya - Oshiqning orzusidek oq.
Tasavvur - sevgisi singari toza.
Bugun vujudimni chulg'agan titroq,
Bu ikki tuyg'uga haqli andoza.
So'zlarga chegara qo'ymasman bugun,
Hislarim ko'rmagay xech qanday to'siq.
Tuyg'ular erkiga tugmasman tugun,
Baralla aytaman, kuylayman jo'shib.
Xayolning eng go'zal sarhadlarida,
Ishqing sururida sarxushman, mastman.
Jamoling ta'rifi dil daftarida,
Uni to'ldirishdan xech to'xtamasman.
Eng buyuk sezgisan, eng buyuk ozor,
Qaysiki yuragim urishga sabab.
Eng buyuk sevgisan, jonimsan jonon,
Qaysiki bu dunyo ololmas alqab.
Seni gulga qiyos etmasman aslo,
Sen gullarga ona - bahorsan mangu.
Gullarku so'ladi, quriydi ammo,
Bahor abadiydir, mudom dilda u.
Go'zallik o'tkinchi, husn - ojiza,
Men asir bo'lganim, xulqing - mo'jiza.
10.03.2016. 17:44 Dilmurod Akbarov.
Yurakning betinim zarbasi nedan?
Nechun xayolda yo'q zarra halovat?
Falak ne kutmoqda bilmayman mendan,
Ko'ngil savolxona, qalb - sir, sinoat.
Burgut parvozining oxiri cho'qqi,
Chumoli tin olar bir donni eltib.
Mendayin huzursiz bir jonzot yo'qki,
Har on - bo'ron, dilni ketadi tintib.
Mushtdek yurak qilar isyon, g'alayon,
Zarra rahm ko'rmas aqlning ohi.
Bir tanga qandayin jo bo'lgan inson,
Bunchalar keng bo'lsa ko'ngil dargohi?!
Ruhiyat bir lahza orom ko'yida,
Kun sayin og'irroq, kun sayin xorg'in.
Xech xotirjam bo'lmas ko'ngil qo'ynida,
Axiyri ko'nadi, oxir olar tin.
Tunning sukunati chandon huzursiz,
Ming karra kuchliroq hislarga og'ish.
Dilni bu ahvolga solgan uzrsiz,
Suhbating sog'inchi, husning sog'inish.
Sevish muruvvatdir, sevilish qudrat.
Visol halovatu, sog'inish lazzat.
13.03.2016. 17:45.
Dilmurod Akbarov.
Yana tong otmasdan qiladi ado,
Berahm o'ylarning ongsiz savoli.
O, sening xayoling, fikrating jono,
Navqiron umrimning jabri, zavoli.
Sening mag'rurliging husningga husn,
Qo'shgandek tobora yashnar barq urib.
Mening oshiqligim holimni yupun,
Qaddim dol, guldayin borarman qurib.
Qiyo boqishni ham ko'rmaysan ravo,
Xayoling chetiga kelmas xayolim.
Lek mudom bilgansan, bilasan ammo?.
Mudom bejavobdir ushbu savolim.
Qo'rqasanmi yoki berahm dilbar,
Intizor ko'zlarning to'qnashuvidan?.
O'sha bir lahzada yurak darbadar,
Ikki tan bir dilga o'rnashuvidan?.
Bu hol qachonlardir bo'ladi sodir,
Ishqqa bo'yin egar ongu shuuring.
Hozircha bariga juft to'siq bordir,
Mening xudbinligim, sening g'ururing.
Men seni qanchalar ko'p yomonlamay,
O'zimga o'xshaysan har tomonlama.
Dilmurod Akbarov. 7:23. 20.03.2016
O'RIN
Qushga xech kim suzgin demaydi,
Parvoz talab qilmas baliqdan.
Suv ham simyog'ochda kelmaydi,
Oqib o'tar quvur, ariqdan.
Otni tiqib tovuq katakka,
Otxonada tovuq boqmaslar.
Yo kamazni olib shatakka,
Velosiped bilan tortmaslar.
Yoki muzni tashlab o'choqqa,
Yoqishmaydi undan alanga.
Yo tuxumni tashlab po'choqqa,
Po'chog'ini solmas qozonga.
Barcha narsa o'z xizmatida,
Hamma turlar bilar o'rnini.
Gap ketganda ranglar haqida,
Oq demaydi xech kim ko'mirni.
Ammo inson ajab mavjudot,
Mavqe' talash, mansabparastroq.
Ma'nosi yo'q bilim, iste'dod,
Goh eng baland pastdan ham pastroq.
Nafsi yomon, nafsi baloda,
Qidiradi mansabning zo'rin.
Butun umr yashab dunyoda,
Topmay o'tar o'zining o'rnin!
Dilmurod Akbarov. 31.10.2015